O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Alisher Navoiyning “G‘aroyib us-Sig‘ar” asariga bag‘ishlangan ilmiy-ma'rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Navoiyning 1490 yillardagi eng katta xizmatlaridan biri “Xazoyin ul-maoniy”ni tuzishi bo‘ldi. 1492-1498 yillarda tartib qilingan 4-chi qism devondan iborat bu ulkan she'riy kulliyot shoirning turkiy tilda yozilgan barcha lirik she'rlarni qamrab olgan edi. Navoiy ularni tabiat fasllariga moslab 4 ga bo‘ldi va har bir devoniga shunga muvofiq nom qo‘ydi. Shoir 7-8 yoshidan 20 yoshigacha bo‘lgan davrini umrining navbahori hisobladi va shu davr devonini “G‘aroyib us-sig‘ar” deb atadi. 20 yoshidan 30 yoshigachasini umrining yozi deb belgiladi va “Navodir ush- shabob” deb atadi. 35-45 yoshini umrining ko‘ziga qiyos etdi va “Badoye ul-vasat” dedi. 45-60 yoshini umrining qishiga o‘xshatib, “Favoyi ul-kibar” deb nomladi.
Joriy yilning 19-22 noyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining Londonga (Buyuk Britaniya) rasmiy tashrifi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tashrif chog‘ida O‘zbekiston-Britaniya hamkorligi munosabatlariga doir turli masalalar jumladan, ta'lim va madaniyat sohalarida ikki tomonlama aloqalarni chuqurlashtirishning amaliy choralari muhokama etildi.
Tashrif doirasida delegatsiya dunyoda ikkinchi o‘rinda turuvchi Britaniya kutubxonasiga tashrib buyurib, uning fondida saqlanib kelinayotgan XV-XVI asrlarga mansub sharq allomalarining nodir qo‘lyozmalari, “Boburnoma” va “Zafarnoma” asarlari bilan tanishdi.
Kutubxona rahbariyati Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga Alisher Navoiyning chig‘atoy tilida yozilgan “G‘aroyib us-Sig‘ar” qo‘lyozma asarini to‘liq elektron ko‘rinishini hamda ushbu asardan ayrim suratli va naqshli varaqlaridan nusxalar taqdim etdi. Ushbu asar Alisher Navoiyning to‘rt devonining birinchisi bo‘lib, XVI asr miniatyura va kalligrafiyasining noyob namunasi hisoblanadi.
Shu munosabat bilan, asarning ilmiy ahamiyatini hamda shoirning ko‘p qirra ijodini o‘rganib kelayotgan mutaxassislar, olimlar, talabalar va qiziquvchilarni mazkur asar bilan keng tanishtirish maqsadida, O‘zbekiston Milliy kutubxonasining anjumanlar zalida 2013 yilning 11 dekabr kuni soat 15:00 da ilmiy-ma'rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
.jpg)
Tadbirda Navoiyshunos Suyuma G‘aniyeva, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi mutaxassislari, Abu Rayxon Beruniy nomidagi Toshkent Davlat sharqshunoslik instituti, Toshkent islom universiteti, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy Universiteti o‘qituvchi va talabalari, Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyi vakillari hamda kutubxona a'zolari ishtirok etdilar. Mutaxassislar Navoiy asarlari haqida, umuman hozirgi kunda yoshlarning Navoiy asarlariga bo‘lgan munosabatlari, uning dunyodagi o‘rni, ahamiyati va ulkan asarlari haqida suhbatlashdilar. Xususan, Navoiyshunos olima Suyuma G‘aniyeva Alisher Navoiyning “Xazoyin ul-maoniy”ning 4 devoning birontasiga ham ilmiy-tanqidiy matn berilmaganligi va kelajakdagi yoshlarning vazifasi deb hisoblashini ta'kidlab o‘tdi. Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyi direktori filologiya fanlari doktori professor Saidbek Asadov “G‘aroyib us-Sig‘ar” devoning xususiyatlari, ushbu devonning dunyo bo‘ylab tarqalganligi, hamda yoshlarga bir qancha maslahatlar, ularning kamchiliklari va kelajakda bajarilishi kerak bo‘lgan qimmatli maslahatlar berib o‘tdi. Professor Ibrohim Haqqulov esa Navoiy asarlarining har biri yoshlik tuyg‘ulari, orzulari, umidlari va yoshlikka bo‘lgan e'tiqodi bilan bog‘liqligi haqida so‘zlab o‘tdi, shu bilan birga xozirgi kunda aksariyati yoshlarni tashkil qilishini va yoshlarga eskicha fikrlab yangi ish qilib bo‘lmaslikni, barcha narsaga yangicha qarash va yangilik yaratish kerakligini maslahat berib o‘tdi. Shuningdek qatnashchlar Navoiyning ruboiy va g‘azallaridan parchalar o‘qib berdilar, O‘zbekiston xalq hofizi Maxmudjon Tojiboyev va O‘zbekiston Davlat konservatoriyasi talabasi, “Nihol” mukofoti sovrindori Gulrux Saidova tomonidan Navoiy g‘azallaridan qo‘shiqlar kuyladilar.
.jpg)