O'zbekiston Milliy kutubxonasida G'ofur G'ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi bilan hamkorlikda Lutfiy “Devoni”ning taqdimoti o'tkazildi
Lutfiy - o'zbek xalqining ulug' mutafakkiri, atoqli namoyandasi, jahon adabiyoti hamda o'zbek mumtoz adabiyoti tarixining rivojiga o'zining ulkan hissasini qo'shgan, o'zbek va fors-tojik tillaridagi asarlari bilan Sharq adabiy muhitida chuqur iz qoldirgan, so'z mulkining sultoni Alisher Navoiyning ta'biricha zamonasining mashhur «Malik ul-kalom»i ya'ni «So'z podshosi» nomi bilan shuhrat qozongan etuk alloma. Lutfiyning yoshlik yillaridanoq adabiyotga bo'lgan katta qiziqishi alohida ko'zga tashlanib turar edi. Bo'lajak shoir o'zgacha bo'lgan turkiy tildagi adabiyot bilan bir qatorda fors va arab adabiyotlarini ham qunt bilan o'rganadi. Uning g'azallari og'izga tushib, mushoiralarning va adabiy suhbatlarning mavzusiga aylandi. Oddiygina hayot tarziga o'rgangan, darvishlarga xos hokisorlik bilan mo'tabarlik kasb etgan bu shoirning she'rlari chuqur fikrlarni sodda so'zlar yordamida yuqori badiiy bo'yoqlarda ifodalay olishi bilan ajralib turar va she'rlari shu jihati bilan Navoiy va Jomiy kabi adabiyot homiylarining diqqat-e'tiborini qozongan edi. Lutfiydan katta adabiy meros qolgan. Manbalarda shoirning 20 dan ortiq asarlar yozgani aytiladi, biroq bizga birgina devoni ma'lum va yetib kelgan (mazkur devon hozirda Turkiyaning Ko'niyo shahrida saqlanadi). U Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarini Shohruh Mirzoning taklifi bilan she'riy tarzda tarjima qilgan. Lutfiyning boy badiiy merosi adabiyotshunos olimlarimiz tomonidan keng o'rganilib kelinmoqda, u haqda qator izlanishlar olib borilmoqda. Respublikamizda shoir nomi bilan atalgan ko'cha, maktab va kutubxonalar uning xotirasiga abadiylik baxsh etib kelmoqda. Shu bilan birga Lutfiyga bag`ishlangan kechalar, taqdimotlar bo`lib o`tmoqda.

Jumladan Alisher Navoiy nomidagi O’zbekiston Milliy kutubxonasida G'afur G'ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi bilan hamkorlikda Lutfiy “Devoni”ning taqdimoti bo`li o`tdi. Taqdimot marosimini shoir Shukur Qurbon ochib berdi. Tadbirda elimizga taniqli shoir, yozuvchilar va san`atkorlar shuningdek G`ofur G`ulom nomidagi nashriyot-matbaa uyi ijodkor hodimlari, O`zbekiston Respublikasi mudofaa vazirligi xodimlarining oila a`zolari, O`zbekiston Milliy kutubxonasi foydalanuvchilari va xodimlari ishtirok etdilar. Ulardan shoir va yozuvchi, O`zbekiston Davlat mukofoti laureati Omon Muxtor, nashriyot direktori Tangriyev Laziz Xushboqovich, bosh muharrir Ilhom Zoir so`zga chiqdilar. O`zbekiston xalq hofizi Xasan Rajabiy kabi san`at namoyondalari o`zining ijodlari bilan mehmonlarni mamnun qildilar. Ular Lutfiyning hayoti va ijodi uning mumtoz adabiyotga katta xissasini qo`shgan va o`zining qimmatini, ahamiyatini yo`qotmagan bebaho asarlari haqida fikr yuritdilar. Shu bilan birga nashriyotning ijod faoliyati, kelgusidagi ish rejalari, bugungi kun ma`naviyati, kitob o`qish zaruriyati va madaniyati, ilmga munosabat shuningdek yoshlar tarbiyasi to`g`risida suhbatlashdilar. Taqdimotda viktorina o`tkazildi va viktorina g`oliblariga nashriyot tomonidan sovg`alar berildi.
