Foydali resurslar
“Jahon adabiyoti” jurnali Respublikamiz Prezidenti I.A.Karimov tashabbusi va taklifi bilan, O‘zbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinov rahbarligida 1997 yil iyun oyidan nashr etila boshlagan.
Jurnalda turli adabiy-falsafiy maktablar, yo‘nalishlar, oqimlarga mansub yozuvchi, faylasuf, san'at namoyandalarining sara asarlari joy oladi. Jurnal orqali adabiyotimizga kirib keladigan yangi badiiy tafakkur ana shunday shaxsni tarbiyalashga xizmat qiladi.
Jurnal o‘z sahifalarida dunyo mamlakatlarining badiiy olamini mujassam etadi. Xoh mumtoz, xoh yangi avangard adabiyot bo‘lsin, badiiy ongda voqyeaga aylangan asarlar jurnaldan joy oladi. O‘zbek kitobxoni dunyoning qaysi burchagida yaralgan bo‘lmasin, aqlni, tafakkurni yangilaydigan, inson haqidagi tasavvurlarni boyitadigan bironta asardan ham bebahra qolmasligi zarur. Bunday mas'uliyatli ishni esa “Jahon adabiyoti” jurnali bajarib kelmoqda.
2013 yil 23 yanvar kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Jahon adabiyoti” jurnali tahririyati xodimlarining foydalanuvchilar bilan ijodiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda bugungi kun ma'naviyatining dolzarb muammolari, jahon adabiyotida ularning aks etish muammolari va yangi tarjimalar saviyasi xususida qiziqarli suhbat o‘tkazildi. Suhbatda “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri o‘rinbosari, shoir va tarjimon Usmon Qo‘chqor, hind tili mutaxassisi, tarjimon Amir Fayzullo, shoir va tarjimon Muzaffar Ahmad, Ziyonet xodimi, shoira Gulchehra Shahobiddinova, filologiya fanlari nomzodi Zuhriddin Isomiddinov so‘zga chiqdi. Tadbirni shoir Shukur Qurbon olib bordi. Anjumanda “Hozirgi tarjima jarayonidagi til va original asarlar orasidagi munosabat?”, “Jahon adabiyoti kutubxonasi kitoblarini nashr etish masalasi?” va boshqa ko‘plab jurnal faoliyatiga oid dolzarb savollarga javob olindi. Anjuman yakunida shoirlar tomonidan she'rxonlik bo‘lib o‘tdi.
.jpg)
