O‘zbekiston Milliy kutubxonasining barcha o‘quv zallarida “AIBS-Dissertatsiya” dasturi o‘rnatildi.
Kutubxonadagi mavjud o‘quv zallar axborotlarni foydalanuvchilarga yetkazib berishda eng zamonaviy kompyuterlar, imkoniyati cheklangan foydalanuvchilar uchun maxsus kompyuterlar, nusha ko‘chirish apparatlari, skanerlar bilan ta'minlangan. Avtomatlashtirilgan texnologiyalarning joriy qilinishi kutubxona foydalanuvchilariga xizmat ko‘rsatish sifatining unumli va yuqori bo‘lishiga imkon berdi.
Milliy kutubxonada foydalanuvchilarga kutubxona fondlarida mavjud nashrlarning to‘liq elektron shakli bilan xizmat ko‘rsatish ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. “Ilm” dissertatsiyalar o‘quv zalida Mustaqil O‘zbekistonda himoya qilingan, fanning barcha sohalariga oid 13 mingdan ziyod nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarining to‘liq elektron shakli bilan tanishish imkoni yaratilgan.
Foydalanuvchilar sonini ortib borishi, dissertatsiyalar mutolaasiga bo‘lgan talabning o‘sishi, dissertatsiyalar zalida kompyuterlardan foydalanish uchun navbat turishga chek qo‘yish maqsadida Milliy kutubxonaning barcha o‘quv zallari kompyuterlarida “AIBS-Dissertatsiya” dasturi o‘rnatildi. Endi foydalanuvchilar faqatgina “Ilm” dissertatsiyalar zalida bu resurslar bilan tanishibgina qolmay, balki kutubxonadagi mavjud barcha o‘quv zallarida ham tanishishlari mumkin. Albatta bu huquq dissertatsiyalar fondidan foydalanishlari mumkin bo‘lgan kitobxonlarga ochiq. Bunday huquq magistr, stajyor-tadqiqotchi, ilmiy xodim, dotsent, professor, akademik kabi toifa egalariga berilgan.
“AIBS-Dissertatsiya” dasturida foydalanuvchini qiziqtirgan dissertatsiya bir necha qidiruv yo‘llari orqali izlanadi. Masalan, himoya qilingan dissertatsiyani muallifi, sarlavhasi, himoya qilingan yili, shifri, sohasi, turli kalit so‘zlar orqali izlash mumkin. Foydalanuvchiga dissertatsiya hajmidan kelib chiqib 10%ni printerdan chiqarib berish amalga oshiriladi.