Foydali resurslar
“Adabiyotsiz ma'naviyat yo‘q, ma'naviyatsiz esa, kelajak yo‘q” degan shior bugungi kunda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi zallarida o‘tayotgan tadbirlarda tez-tez tilga olinmoqda. Yaqinda shu ma'rifat maskanida O‘zbekiston Respublikasi san'at arbobi, O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati, adib Omon Muxtorning muxlislar bilan bo‘lib o‘tgan diydorlashuvida ham ana shu so‘z ustuvorlik qildi. Kutubxonada haftada bir (chorshanba) o‘tayotgan ma'naviyat kunlari doirasida tashkil etilgan bu anjumanda adibning “Sharq” nashriyot-matbaa kompaniyasi Bosh tahririyati tomonidan (2011– 2012 y.y.) chop etilgan 2 jildlik “Sharshara” va “Suvratdagi yo‘lbars” kitoblari taqdimoti bo‘ldi. Filologiya fanlari doktori Qozoqboy Yo‘ldoshev boshqargan bu yig‘inda O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim, “Karvon qo‘ng‘irog‘i” gazetasi bosh muharriri, yozuvchi Norto‘xta Qilich, yozuvchilar Muhammad Salom, Asad Dilmurod, adabiyotshunos olimlar – filologiya fanlari doktori Adham Alimbekov, Filologiya fanlari nomzodi Islom Matyoqubov, shoirlar – Shukur Qurbon, Shukur Sodiq, Zikrilla Ne'mat va boshqalar so‘zga chiqib, mavzu yuzasidan fikr-mulohazalarini yig‘ilganlar bilan o‘rtoqlashdi, shuningdek, bugungi adabiy jarayon va unda Omon Muxtor ijodining tutgan o‘rni to‘g‘risidagi mushohadalarini bildirdilar.

