Milliy kutubxonada 20-21 dekabr kunlari ilmiy-amaliy seminar o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Nodir, alohida qimmatli va noyob nashrlar saqlanishini ta'minlash, ularning fondini tizimli ko‘paytirish va boyitish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2012 yil 9 iyuldagi 202-qarori talablaridan kelib chiqib, joriy yilning dekabr oyida (20-21 kunlari) Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Nodir, alohida qimmatli va noyob nashrlar saqlanishini ta'minlash, ularning fondini tizimli ko‘paytirish va boyitishning dolzarb muammolari” mavzuida ilmiy-amaliy seminar tashkil etilmoqda.
Ushbu ilmiy-amaliy seminar 2 kun davomida o‘tkazilib, unda respublikamizning nodir, alohida qimmatli va noyob nashrlar saqlanadigan kutubxonalari, fondlari, muzeylari, jumladan Xorazm Ma'mun akademiyasi, O‘zbekiston Musulmonlar diniy idorasi, O‘zbekiston Milliy universiteti va Ibn Sino nomidagi kutubxona, Imom Buxoriy fondi, Qo‘qon Adabiyot muzeyi, Samarqand O‘lkashunoslik muzeyi, Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyi, O‘zFA Sharqshunoslik instituti va “O‘zarxiv” agentligida fondlarni saqlash, restavratsiya va konservatsiya qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, ilmiy yo‘nalish va tajribalar o‘zaro muhokama etiladi hamda ustuvor vazifalar belgilanib, tegishli tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Ilmiy-amaliy seminar natijasida Vazirlar Mahkamasining mazkur qarori bo‘yicha tayyorlangan hujjatlarni aprobatsiyadan o‘tkazish, shuningdek nodir, alohida qimmatli va noyob nashrlarni saqlash hamda ularni tizimli ko‘paytirish va boyitish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni muvofiqlashtirish imkoni yaratiladi.