Milliy kutubxona kinozali ma’naviy-ma’rifiy va ilmiy-ommabop video materiallar repertuarini o`zida jamlagan bo`lib, ushbu video materiallarda milliy qadriyatlarimiz va urf-odatlarimiz, tarixiy-ma’naviy va madaniy merosni asrab-avaylash hamda yoshlarning ma’naviy yetuk inson bo`lib yetishishlaridagi asosiy omillar ko`rsatib berilgan.
Video material voqealari va qahramonlarning ijobiy hamda salbiy timsollari orqali inson hayotiga tahdid soluvchi va yomon oqibatlar keltirib chiqaruvchi illatlar va ularning oldini olishga qaratilgan aniq maqsad tomoshabinga yuksak mahorat bilan yetkazib berilgan.
Kinozal repertuarlari video materilallarning mazmun-mohiyati va sohalarini hisobga olgan holda bo`limlarga bo`lingan. Shu kunga qadar bo`limlar 3 yo`nalishda tomoshabinlarga taqdim etib kelinayotgan edi. Bular:
1. “Bizning meros” – bu bo`lim tarixdan bizga qadar madaniy meros bo`lib yetib kelgan tarixiy obidalar, yozma manbaalar hamda tarixiy maqomga ega joylar haqidagi ma`lumotlarni o`z ichiga olgan.
2. “Buyuk allomalarimiz” – ushbu bo`limda jamlangan video materiallar dunyo ilm-fan taraqqiyoti rivojiga hissa qo`shgan hamda tarixda o`chmas iz qoldirgan tarixiy shaxslar haqida hikoya qiladi.
3. “Bizning yutuqlarimiz” – bu bo`lim esa Vatanimiz mustaqilikka erishgandan bugungi kungacha jahon sahnasida ijtimoiy-iqtisodiy hamda siyosiy-madaniy sohalarda tutgan o`rni, taraqqiyoti rivoji yo`lidagi amalga oshirilayotgan islohotlar va faxrlanishga arzigulik jahonga nom taratayotgan vatandoshlarimiz haqida ma’lumot beradi.
Endilikda ko`p sonli tomoshabinlar talab va takliflarini o`rgangan holda, yoshlar ma’naviy dunyoqarashini yanada boyitish hamda dunyoda global muammoga aylangan giyohvandlik, odam savdosi, din niqobi ostidagi harakatlar va vatan xoinligi kabi muammolarni talqin etuvchi video materiallar bo`limi ham tashkil etildi. Bular:
1. “Ogohlikka da’vat” – ushbu bo`lim video materiallari yuqorida ta’kidlanganidek yoshlar orasidagi katta muammolardan biri bo`lmish giyohvandlik, yoshlarning noma’qul yo`llarga kirib qolishlarining asosiy sabablari, bundan aziyat chekayotgan insonlar taqdiri haqida.
2. “Badiiy filmlar” – ushbu bo`lim o`zbek milliy kinolarini o`z ichiga olgan bo`lib, badiiy filmlar orqali milliy qadriyatlarimiz va o`zbek urf-odatlari haqida hikoya qiladi.
Filmlar o`zbek, rus, ingliz tillarida dam olish kunlaridan tashqari, har kuni soat 11:00 dan 16:00 gacha namoyish etiladi.
Kinozal 45 o`ringa mo`ljallangan bo`lib, kutubxona birinchi qavatining o`ng tomonida joylashgan. Barcha filmlar bepul namoyish etiladi.
Kinomarkaz repertuari haqida to`liqroq ma’lumotni quyida berilgan haftalik afishadan bilib olishingiz mumkin.