Foydali resurslar
1 noyabr kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida davom etayotgan Milliy axborot-kutubxona texnologiyalari haftaligi doirasida «Oila va huquq» mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirni tashkil qilishda va o‘tkazishda Toshkent davlat yuridik instituti talabalari tashabbus ko‘rsatishdi. 2012 yil “Mustahkam oila yili”ga bag‘ishlangan davra suhbatida “Konstitutsiya asosiy qomusimiz”, “Mustahkam oila - mustahkam jamiyat”, “Huquqiy ong” mavzularida ma'ruzalar o‘zbek va rus tillarida videolavhalar ko‘rinishida namoyish etildi.
Yoshlarni oila va huquq mavzusida ko‘proq tushunchaga ega bo‘lishlari, ularning huquqiy ongini o‘stirish maqsadida tinglovchilar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan ma'ruzalar yuzasidan test va aqliy xujum viktorinasi o‘tkazildi.
Tadbir so‘ngida Yunusobod hokimiyati va Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi tomonidan Toshkent davlat yuridik instituti tashabbuskor talabalari tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Shuningdek 1 noyabr kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida davom etayotgan Milliy axborot-kutubxona texnologiyalari haftaligining Qiziqarli uchrashuvlar kunida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik bilan ijodiy uchrashuv bo‘ldi. Unda kelajak avlod ma'naviyati, uning vatan va xalq oldidagi mas'uliyati, o‘qish va izlanishga bo‘lgan ishtiyoqi, ahloq-odob borasidagi bugungi muammolar xususida atroflicha so‘z yuritildi. Adib hayoti va ijodi to‘g‘risidagi viktorina savollariga javoblar olindi.

Uchrashuvda O‘zbekiston xalq yozuvchisi Farhod Musajonov, O‘zbekiston xalq artistlari Rixsi Ibrohimova va Yodgor Sa'diyev, shoir To‘ra Mirzo, yozuvchi Erkin Usmon, bolalar shoiri Hamidullo Yoqubov, jurnalist - yozuvchi Sayyora Beknazarovalar o‘z fikr - mulohazalari bilan ishtirok etdilar.

Tadbir so‘ngida yozuvchi Tohir Malik muhlislarni qiziqtirgan savollarga javob berdi va esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Qiziqarli uchrashuvlar kunining yana bir mehmoni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, postanovkachi - rejissyor Andrey Slonim bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda badiiy so‘z insonda eng go‘zal tuyg‘ularni uyg‘otishi, har bir kitob muallif energetikasini saqlashi, hozirda teatrlarda sahnalashtirilayotgan asarlarning obrazlarini yaratishda innovatsion izlanishlarda ekanligi alohida ta'kidlandi.

A.Slonim o‘z qalamiga mansub she'rlardan namunalar o‘qib eshittirdi va muhlislar tomonidan berilgan ko‘plab savollarga javob berdi.
O‘zbekiston Milliy kutubxonasida davom etayotgan Milliy axborot-kutubxona texnologiyalari haftaligining Qiziqarli uchrashuvlar kunining yana bir tadbiri BMTning YUNISEF tomonidan tashkil qilingan “Bola va huquq” aksiyasi bo‘ldi.

YUNISEF vakillari tomonidan O‘zbekistonda YUNISEF dasturlari va bola huquqlari Konvensiyasi haqida ishtirokchilarni tanishtirdi. Shuningdek ijtimoiy videolavhalar namoyish etildi va aksiya ishtirokchilari bilan viktorina o‘tkazildi. Viktorina yakunlari bo‘yicha ishtirokchilarga o‘zbek va jahon adabiyoti namoyandalarining o‘zbek tilida lotin grafikasida nashr qilingan kitoblari sovg‘a qilindi.

O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi hamkorligida uyushtirilgan foto-rasmli ko‘rgazmalar namoyishi va Qiziqarli uchrashuvlar kunida taniqli rassomlar Javlon Umarbekov, Petr Annenkov, Anvar Mamajonov, Tatyana Li, Galina Li va Sofi Mariya - Lilar bilan o‘tkazilgan ijodiy uchrashuv san'at ixlosmandlari va foydalanuvchilar tomonidan iliq kutib olindi.
Uchrashuvda Javlon Umarbekovning «Alpomish» kitobiga ishlangan illyustratsiyalari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu illyustratsiyalar O‘zbekiston Milliy kutubxonasining foyesida namoyish etildi.

Shuningdek Qiziqarli uchrashuvlar kuni dorasida “Afruz” guruhi bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqot.uz tomonidan uyushtirilgan ushbu tadbir muxlislarda katta qiziqish uyg‘otdi va bahs-munozaralarga boy bo‘ldi.
.jpg)