Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi
  • Asosiy so’zlar
  • Kitob muallifi
“Central Asia – 2015”

“Fan, ta’lim, madaniyat va biznesda axborot-kutubxona resurslari” IX Xalqaro konferensiyaning

YaKUNIY HUJJATI

“Central Asia — 2015”

2015 yil 22—23 aprel                      Toshkent shahri, O‘zbekiston


Konferensiyani o‘tkazishning asosi — O‘zbekiston Respubliksi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 11 fevraldagi 56-f-son farmoyishi va  va ushbu farmoyish bilan tasdiqlangan “2015 yilda O‘zbekiston Respublikasida o‘tkaziladigan xalqaro ilmiy  va ilmiy-texnik konferensiyalar rejasi” (1-ilova, 25-band).

Ishtirokchilar soni  — 267 nafar ishtirokchilar va 30 nafardan ortiq taklif etilganlar.

Ishtirokchi mamlakatlar — O‘zbekiston, Ozarbayjon, Belarus, Buyuk Britaniya, Germaniya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ummon, Rossiya, Turkiya, Ukraina, AQSh, Chexiya.

Kontingent — axborot-resurs va axborot-kutubxona markazlari, kutubxonalar, arxivlarning rahbarlari va mutaxassislari, olimlar, ta’lim muassasalarining o‘qituvchilari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari mutaxassislari, jamoat arboblari, vazirliklar va idoralarning vakillari.

Konferensiya tadbirlari soni —  yalpi va sho‘ba majlislarda eshitilgan 74 ta ma’ruza, 3 ta seminar, 3 ta trening, davra suhbati, mahorat darsi.

Bosh tashkilotchilar  —  Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, O‘zbekiston Respublikasi  Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, Xalq ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, “O‘zarxiv” agentligi, Intellektual mulk agentligi.

Axborot bilan qo‘llab-quvvatlash —  O‘zbekiston Milliy teleradio kompaniyasi, ommaviy axborot vositalari, www.natlib.uz sayti.

“Central Asia — 2015” “Fan, ta’lim, madaniyat va biznesda axborot-kutubxona resurslari” IX Xalqaro konferensiya” (keyingi o‘rinlarda Konferensiya deb yuritiladi) hozirgi bosqichda respublika  axborot-kutubxona infratuzilmasini rivojlantirishning asosiy bosqichlarini, axborot-kutubxona muassasalarida axborot texnologiyalarini qo‘llashni, ushbu yo‘nalishda respublikaning va boshqa mamlakatlarning arxiv muassasalari tajribasini, shuningdek “Axborot-kutubxona faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-1729-son qarorini bajarishni davom ettirishni yoritdi. Axborot-kutubxona muassasalari, arxivlar va muzeylarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini samarali joriy etish, shuningdek 2014 yilda Qarshi shahrida VIII Xalqaro konferensiya o‘tkazilgandan keyingi davrga xos xususiyatlarga ega bo‘lgan yo‘nalishlar Konferensiya ishtirokchilarining diqqat-e’tiborida bo‘ldi.

Konferensiyada fan, ta’lim, madaniyat va iqtisodiyotning rivojlanishida axborot-kutubxona muassasalarining o‘rni jiddiy ravishda o‘sishi bilan birgalikda xorijiy fan-ta’lim ma’lumotlar bazalari va axborot resurslaridan foydalanish bo‘yicha  elektron resurslar, axborot-kutubxona tarmoqlarini, muassasalar kooperatsiyasini tashkil etish dolzarb masalaga aylanayotganligi qayd etildi.

Konferensiya VIII Xalqaro konferensiyaning yakuniy hujjatida berilgan tavsiyalar amalga oshirilganligini qayd etadi:

O,z DSi 2881:2014 “SIBID. MODS meta ma’lumotlari tavsifi formati” davlat standarti ishlab chiqildi va 2014 yil 29 dekabrdan boshlab amalga kiritildi.”Axborot, kutubxona va noshirlik ishi bo‘yicha standartlar tizimi. Tasniflash ma’lumotlari uchun UZMARC Classification kommunikativ mashinada o‘qiladigan format” (2-qism) Davlat standartini ishlab chiqishga texnik topshiriq tayyorlandi.

Hozirgi vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 17 dekabrdagi PQ-2088-son qarorini ijro etish yuzasidan Koreya Respublikasining Iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik jamg‘armasi bilan moliyaviy hamkorlikda “Milliy umumta’lim elektron kutubxona” loyihasini amalga oshirish ishlari olib borilmoqda. Loyiha doirasida respublika  axborot-kutubxona muassasalarining elektron o‘zaro hamkorligi masalalari: axborot-kutubxona markazlari, axborot-resurs markazlari fondini va turli vazirliklar va idoralarning kutubxonalarini milliy elektron resurslar bilan butlash, axborot almashinuvini tashkil etish, kutubxonalararo o‘zaro hamkorlik va kooperatsiya, hujjatlarni elektron yetkazib berish, elektron resurslarni hisobga olish, saqlash va qayta ishlash hamda zarur metodik va dasturiy ta’minlash masalalari hal etiladi.

Kasbning nufuzini ko‘tarish va unga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ko‘nikmalarini oshirish, mutaxassislarning kasbiy va amaliy sifatlarini oshirish uchun “Axborot-kutubxona muassasasining eng yaxshi mutaxassisi” unvon to‘g‘risidagi Nizom ishlab chiqildi va kasb mahoratiga tanlov o‘tkazildi, tanlovni o‘tkazish mezonlari tayyorlandi.

Ishning asosiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha  markazlashtirilgan elektron ma’lumotlar bazasini shakllantirish, ishonchli axborot olish, mamlakat axborot-kutubxona muassasalari faoliyati samaradorligini va joriy holatini kompleks baholash maqsadida Axborot-kutubxona muassasalari monitoringini olib borish va axborot-kutubxona muassasalari pasporti to‘g‘risidagi nizom ishlab chiqildi. O‘zbekiston Respublikasi axborot-kutubxona muassasalari monitoringi olib borildi.

4 universitetning (Koraqalpog‘iston, Samarqand, Namangan, Termiz) namunali mintaqaviy axborot-kutubxona muassasalarini tashkil etishga (zarur xona va joylar ajratish, zarur asbob-uskunalar bilan ta’minlash, fondni ilmiy-ta’lim adabiyotlari bilan butlash) O‘zbekiston Milliy kutubxonasi – axborot-resurs markazi huzuridagi Axborot-kutubxona muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasidan zarur mablag‘lar ajratish uchun “Namunali mintaqaviy axborot-kutubxona muassasasi” to‘g‘risidagi nizom loyihasi tasdiqlandi.

Loyihani amalga oshirishning birinchi bosqichida 200 ta mahallada kutubxona tashkil etishga (zarur xona va joylar ajratish, fondni butlash) O‘zbekiston Milliy kutubxonasi – axborot-resurs markazi huzuridagi Axborot-kutubxona muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasidan zarur mablag‘lar ajratish uchun “Mahalla kutubxonasi to‘g‘risida”gi Nizom loyihasi tasdiqlandi.

Vazirlar Mahkamasining “Nodir, alohida qimmatli va noyob nashrlar saqlanishini ta’minlash, ularning fondini tizimli ko‘paytirish va boyitish chora-tadbirlari to‘g‘risida 2012 yil 9 iyuldagi 202-son qaroriga muvofiq chora-tadbirlar kompleksi amalga oshirilmoqda.  Axborot-kutubxona resurslarini nodir, alohida qimmatli axborot-kutubxona resurslariga kiritish, shuningdek ularni saqlash va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom” deb nomlangan normativ hujjat loyihasi ishlab chiqildi.

YuNESKOning “Barcha uchun axborot” va “Jahon xotirasi” qo‘mitalari ishi olib borilmoqda. Ular doirasida “Mediani va islohotlarni chuqurlashtirish davrida O‘zbekiston axborot-kutubxona muassasalarining axborot madaniyati va savodxonligini shakllashtirish” loyihasi konsepsiyasi ishlab chiqilgan.

Konferensiya:

Olib borilgan ishlarga muvofiq mamlakat axborot-kutubxona muassasalarida hal etilishi alohida e’tiborni talab etadigan ayrim masalalar mavjudligini qayd etadi.

Yagona oliy ta’lim muassasasi bazasida axborot-kutubxona kadrlari tayyorlashni ta’minlash ko‘rsatkichi 2014-2015 yillarda 60 nafar talabani tashkil etdi. Bu Toshkent axborot texnologiyalari universiteti tarkibida axborot-kutubxona texnologiyalari bo‘yicha fakultet hamda mamlakatning 5 hududlarida universitet filiallarida tegishli ta’lim yo‘nalishlarini ochishni talab qiladi.

Axborot-kutubxona xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni ta’minlash darajasi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi va axborot-kutubxona markazlari huzurida yangi kutubxona texnologiyalari bo‘yicha qayta tayyorlash va malaka oshirish o‘quv-maslahat kurslari ochishni talab etadi. Asos: O‘zbekiston Respubliksi Prezidentining “2011-2015 yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bazasida axborot-kutubxona va axborot-resurs xizmat ko‘rsatishni yanada sifatli rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2011 yil 23 fevraldagi PQ-1487-son qarori (1-ilova, 10-11-bandlar).

Ayniqsa yoshlarning mustaqil bilim olishi va ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun axborot-kutubxona fondlarini (sifat va miqdor ko‘rsatkichlari yuqori emas) ma’lumotnoma-ensiklopedik adabiyotlar, lotin yozuvidagi adabiyotlar bilan butlash hamda yangi axborot tashuvchi jismlarda nashr etish lozim. Axborot-kutubxona muassasalarini davlat tilidagi o‘quv va o‘quv-metodik adabiyotlar bilan butlash ham qoniqarsizligicha qolmoqda. Bu respublikada faoliyatning axborot-kutubxona va innovatsion turlarini rivojlantirishga to‘sqinlik qilmoqda.

Xorijiy elektron ilmiy va ilmiy-ta’lim ma’lumotlar bazalarini sotib olish uchun Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazining ilmiy kutubxonalari va axborot-resurs markazlarini moliyalashtirish zarur.

O‘zbekistonning davlat bibliografiyasini tayyorlash va nashr etish ishlari to‘liq bo‘lmagan darajada va hajmda olib borilmoqda. Shu munosabat bilan barcha axborot-kutubxona markazlari viloyat nashrlarining bibliografik ma’lumotlarini tayyorlashlari va O‘zbekiston Respublikasi Matbuoti yilnomasini shakllantirish uchun O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga berishlari zarur.

Nashrlarning majburiy nusxasi asosida shakllantirilgan milliy axborot-kutubxona fondini huquqiy tartibga solish va rivojlantirish tizimi isloh qilishni talab etadi. “Nashrlarning majburiy nusxasi to‘g‘risida”gi Qonunni tezroq qabul qilish lozim. Ushbu Qonun  respublikaning milliy axborot-kutubxona fondini shakllantirish, uni kelajak avlodlar uchun saqlash va aholining undan erkin foydalanishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan axborot tashuvchi barcha jismlarda milliy va mintaqaviy nashrlarning davlat tomonidan ro‘yxatga olinishini amalga oshiruvchi muassasalar uchun zarur normativ-huquqiy hujjat hisoblanadi.

Keksalarga va imkoniyatlari cheklangan kishilarga axborot-kutubxona xizmatlari ko‘rsatishni kengaytirish chora-tadbirlari dasturini ishlab chiqish zarur. Ko‘zi ojizlarga mo‘ljallangan hozirgi ishlab turgan kutubxonalar mukammal ta’mirlashga va  imkoniyatlari cheklangan foydalanuvchilar uchun yangi texnik asbob-uskunalar bilan butlashga muhtoj. Shuningdek  ko‘zi ojizlar uchun Brayl shriftidagi adabiyotlar uchun kutubxonalar fondlarini butlash muammosi ham o‘tkir bo‘lib turibdi. Bu  ushbu shriftdagi qo‘shimcha bosmaxonalarni, bosib chiqaruvchi materiallarni xarid qilishni talab etadi. Asos: “Axborot-kutubxona faoliyati to‘g‘risida” 2011 yil 13 apreldagi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni (21-modda. Jismoniy imkoniyatlari cheklangan foydalanuvchilarga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatish), O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘rsida” 2012 yil 20 martdagi PQ-1729-son qarori.

Konferensiya quyidagilarni tavsiya etadi:
a) normativ hujjatlarni ishlab chiqish va axborot-kutubxona muassasalarida yangi axborot texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha:

Respublika axborot-kutubxona tizimi faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Idoralararo Kengash va O‘zbekiston Milliy kutubxonasi huzuridagi Respublika metodik kengashi o‘z yuritishida axborot-kutubxona muassasalariga ega bo‘lgan manfaatdor vazirliklar va idoralar  (O‘zbekiston Respublikasi  Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, Xalq ta’limi vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqalar), shuningdek “O‘zarxiv” agentligi, Intelektual mulk agentligi bilan birgalikda quyidagilarni o‘zining asosiy vazifalari deb hisoblashi zarur:

“Nashrlarning majburiy nusxasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini, axborot-kutubxona xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish to‘g‘rsida”gi qonun loyihasini, “Imkoniyatlari cheklangan kishilarga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish;

Mualliflik huquqi va turdosh huquqlarning ob’ektlari hisoblangan raqamlangan bosma axborot-kutubxonalarga tegishli bo‘lgan mualliflik huquqlarini tartibga solish maqsadida “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirishlar kiritish;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Axborot-kutubxona faoliyati sohasida maxsus vakolatli davlat organini qabul qilish to‘g‘risida”gi qarori loyihasini ko‘rib chiqish uchun kiritish (5-modda.  Axborot-kutubxona faoliyati sohasida davlat boshqaruvi);

 Respublika axborot-kutubxona va axborot-resurs markazlari, shuningdek kutubxonalari  faoliyatini tashkil etish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash  (Vazirlar Mahkamasining “Axborot-kutubona markazi to‘g‘risidagi namunaviy nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi va Vazirlar Mahkamasining “Axborot-resurs markazi to‘g‘risidagi namunaviy nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi) (6-modda.  Axborot-kutubona faoliyati sohasida Vazirlar Mahkamasining vakolatlari);  

Vazirlar Mahkamasining “Axborot-kutubxona muassasalarini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasini ishlab chiqish va ko‘rib chiqish uchun kiritish (6-modda.  Axborot-kutubona faoliyati sohasida Vazirlar Mahkamasining vakolatlari, 15-modda. Axborot-kutubxona  muassasalarini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish);

“Axborot-kutubxona fondlarini axborot-kutubxona muassasalarining fondlaridan chiqarish tartibi to‘g‘risida”gi normativ hujjat loyihasini  ishlab chiqish va ko‘rib chiqish uchun kiritish (18-modda.  Axborot-kutubxona fondini hisobga olish, qayta ishlash, joylashtirish, saqlash va foydalanish);  

“Axborot-kutubxona muassasalarining axborot-kutubxona fondlari saqlanishi to‘g‘risida”gi normativ hujjat loyihasini  ishlab chiqish va ko‘rib chiqish uchun kiritish (18-modda.  Axborot-kutubxona fondini hisobga olish, qayta ishlash, joylashtirish, saqlash va foydalanish);  

“Axborot, kutubxona va noshirlik ishi bo‘yicha standartlar tizimi. Axborot-kutubxona resurslari. Kataloglashtirish qoidalari” (1ilova, 2-band);

Imkoniyatlari cheklangan foydalanuvchilarga axborot-kutubxona xizmatlari ko‘rsatishni kengaytirish chora-tadbirlari dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash;

Milliy kutubxona va axborot-kutubxona muasasasalari xodimlarini, shu jumladan xorijiy kutubxonalarga stajirovkalarni tashkil etgan holda qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha idoralararo qarorni va dasturni ishlab chiqish va tasdiqlash (1-ilova, 23-band).

Quyidagilar O‘zbekiston Milliy kutubxonasining asosiy vazifalari hisoblanadi:

Vazirlar Mahkamasining “Nodir, alohida qimmatli va noyob nashrlar saqlanishini ta’minlash, ularning fondini tizimli ko‘paytirish va boyitish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2012 yil 9 iyuldagi 202-son qarorini amalga oshirish ishlarini bosqichma-bosqich davom ettirish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Koreya Respublikasining Iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik jamg‘armasi bilan moliyaviy hamkorlikda milliy umumta’lim elektron kutubxona” loyihasini amalga oshirishning birinchi navbatdagi chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2016 yil 17 dekabrdagi PQ-2088-son qarorini amalga oshirish ishlarini tugallash;

xarajatlar moddalarini hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, Xalq ta’limi vazirligining axborot-resurs markazlari va kutubxonalariga ajratilayotgan mablag‘lardan maqsadli foydalanishni ko‘rsatgan holda budjetda alohida moddani ta’sis etish to‘g‘risida Moliya vazirligidan iltimos qilish. Bu ham an’anaviy (bosma shaklda), ham elektron shaklda (yetakchi xorijiy nashriyotlardan ta’limning elektron ma’lumotlar bazalari)  ilmiy-ta’lim adabiyotlari (kitoblar va davriy nashrlar) sotib olishni moliyalashtirishni ko‘paytirishga ko‘maklashadi.

b) kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish, kasb nufuzini ko‘tarish bo‘yicha:

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida axborot-kutubxona texnologiyalari bo‘yicha fakultet, shuningdek respublika viloyatlarida universitet filiallarida fakultetning bo‘limlarini ochishni tezlashtirishi zarur.

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti ko‘magida O‘zbekiston Milliy kutubxonasi va mintaqaviy axborot-kutubxona markazlari huzurida axborot-kutubxona xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv-maslahat kurslarini tashkil etish zarur.

axborot-kutubxona xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish uchun o‘quv standartlari, o‘quv rejalari va dasturlarni doimiy ravishda takomillashtirib borish zarur.

Kasbning nufuzini oshirish va unga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ko‘nikmasini, mutaxassislarning professonal va amaliy fazilatlarini oshirish uchun 2015 yil oktabr-noyabr oylarida  “Axborot-kutubxona muassasasining eng yaxshi mutaxassisi – 2015” unvoniga axborot-kutubxona mutaxassislari tanlovining yakunlovchi bosqichini o‘tkazish.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasining texnologik bazasida quyidagi tadbirlarni rejalashtirish va vazifalarni amalga oshirish:

Milliy kutubxonaning veb-sayti imkoniyatlarini kengaytirish va keyinchalik uni respublikaning axborot portaliga aylantirish;

dissertatsiyalar materiallari bilan erkin tanishish maqsadida dissertatsiyalarning mualliflari bilan shartnomalar tuzish va ularning elektron versiyalarini mahalliy tarmoq serverida va kutubxona saytida joylashtirish;

kutubxonashunoslik, bibliografshunoslik va kitob yuritish, shuningdek axborot-kutubxona jarayoniga yangi axborot texnologiyalarini joriy etishning texnologik, pedagogik va psixologik jihatlari bilan bog‘liq sohalarda tadqiqotlar o‘tkazishni kengaytirish.

v) axborot-kutubxona hamkorligi va almashish bo‘yicha:

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, o‘z tasarrufida axborot-kutubxona muassasalariga ega bo‘lgan vazirliklar va idoralar bilan birgalikda axborot-kutubxona sohasi mutaxassislarining malakasini oshirish maqsadida mutaxassislarning xalqaro stajirovkalarda, xorijiy kutubxonalar bo‘yicha tanishtirish turlarida ishtiroki uchun xarajatlar moddalarini nazarda tutishi zarur.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda respublika axborot-kutubxona muassasalari mutaxassislari pasportlarini to‘ldirish uchun yagona onlay shaklni va unga muvofiq axborot-kutubxona muassasalari mutaxassislarining to‘ldirilgan pasportlari o‘z-o‘zidan qayta ishlanadigan Interaktiv davlat xizmatlarining yagona portalida joylashtirish uchun yagona dasturni ishlab chiqishi zarur.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi kitob ayirboshlashni faollashtirish, bibliografik almashish hamda chet el kutubxonalari bilan tajriba almashish ishlarini davom ettirishi zarur.

Respublikaning barcha axborot-kutubxona muassasalari, “O‘zarxiv” agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik instituti hamda  YuNESKO tomonidan O‘zbekiston Milliy kutubxonasi huzurida tashkil etilgan “Jahon xotirasi” va “Barcha uchun axborot” dasturlari bo‘yicha qo‘mitalar ishini faollashtirish zarur.

Yagona axborot-madaniyat makonini rivojlantirish uchun MDH kutubxonalari resurslaridan o‘zaro foydalanish maqsadida 1999 yil 13 yanvarda imzolangan MDH qatnashchilari bo‘lgan davlatlarning Kutubxonalararo abonent tizimini tashkil etish to‘g‘risidagi bitimga O‘zbekistondan muxtor vakillarni tayinlash to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritish lozim.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, Fanlar akademiyasi,  “O‘zarxiv” agentligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi milliy hujjatli merosni saqlash borasidagi birgalikdagi ishni rivojlantirishlari va takomillashtirishlari, birgalikdagi hamkorlikning tegishli dasturlarini ishlab chiqishlari va qabul qilishlari zarur.

Konferensiyaning yakunovchi majlisida yakdillik bilan qabul qilingan.

2015 yil 24 aprel             Toshkent shahri, O‘zbekiston

Konferensiya materiallari

Yangi adabiyot va kitoblar
  • Yangi kelgan adabiyotlar (2016 yil 9-11 mart)
  • Yangi kelgan adabiyotlar (2016 yil 29 fevral – 5 mart)




 

natlib.uz Sizga manzurmi




Natijalar