Milliy axborot-kutubxona haftaligi
29 oktyabr – 2 noyabr
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi 29 oktyabrdan 2 noyabrga qadar Milliy axborot-kutubxona haftaligini o‘tkazadi. Undan asosiy maqsad – yoshlarning axborotga ega bo‘lish intilish va qiziqishini qo‘llab-quvvatlash, ularni yangi nashr qilingan ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-ma'rifiy, o‘quv va badiiy adabiyotlar bilan batafsil tanishtirishdan iborat.
Tashkilotchilar: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O‘zarxiv, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi va boshqalar.
Milliy axborot-kutubxona haftaligining bosh maqsadi – mutolaani yanada kuchaytirish va targ‘ib qilish, axborot madaniyati darajasini ko‘tarish, Internet tarmog‘ida milliy kontentni rivojlantirishga va axborot-kutubxona xizmati imkoniyatini oshirishga hissa qo‘shish.
Milliy axborot-kutubxona haftaligi doirasida quyidagi tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda:
• O‘zbekistonning taniqli yozuvchi va shoirlari, rassom hamda kinorejissyorlari, shuningdek ijtimoiy, yoshlar, xalqaro tashkilotlar vakillari bilan uchrashuvlar;
• Kitob-rasmli ko‘rgazmalar, yangi adabiyotlarning ochiq ko‘rgazmasi, nashriyot va kitob savdosi tashkilotlari mahsulotlarining yarmarkasi;
• Rassom va fotosuratchilarning ko‘rgazmalari;
• O‘quvchilarning ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish va yuksaltirish, san'at va adabiyot sohasidagi bilimlarini boyitish, kommunikativ ko‘nikmalarini yanada yaxshilashga qaratilgan master-klasslar;
• Kutubxona bo‘ylab sayohatlar;
• O‘zbekiston Milliy kutubxonasi videofondidan filmlar namoyishi;
• Yetakchi kompaniya va firmalarning faoliyati va mahsulotini namoyish etuvchi taqdimotlar;
Respublika axborot-kutubxona muassasalari mutaxassislari, shuningdek keng jamoatchilik ishtirokida “Kutubxona: zamon va makon osha” mavzuida davra suhbati hamda “Foydalanuvchi sari bir qadam” mavzuida “Betgerxonlik-2012” konferensiyasini o‘tkazish rejalashtirildi.