O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 18-noyabr kunidagi 309-K sonli qaroriga muvofiq mamlakatimizda har yili 20-noyabrdan 20-dekabrga qadar “Yong'in xavfsizligi oyligi” tadbiri o‘tkazilmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad – aholi punktlari, ijtimoiy-iqtisodiy obyektlarda yong‘in xavfsizligi chora-tadbirlarini kuchaytirish, fuqarolarni yong‘in sabablari va uning asoratlaridan xabardor qilish.
2014-yil 28-noyabr kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida ham yong‘in xavfsizligini ta’minlash maqsadida tushuntiruv-targ‘ibot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda 28-HYoXX boshlig‘i o‘rinbosari mayor Mirzoitov Mirzoir kutubxona xodimlariga mazkur tadbirning ahamiyati, loqaydlik va e’tiborsizlik tufayli kelib chiqishi mumkin bo‘lgan yong‘in paytida odamlar o‘zlarini qanday tutishi kerakligi, birinchi navbatda ko‘riladigan choralar to‘g‘risida gapirib berdi. Suhbat davomida barchani nosoz qo‘lbola elektr uskunlaridan foydalanmaslik, ish kuni so‘ngida elektr toki uzatgichlaridan uzilmay qolgan texnika vositalariga alohida e’tibor berib xonani tark etish kabi yong‘inni oldini oluvchi qoidalarga rioya etishga chaqirdi. Shuningdek yong‘in xavfsizligi qoidalarini nafaqat ishda, balki uyda ham unutmaslikka da’vat etdi.

Yig‘ilganlarga yong‘inni keltirib chiqaruvchi sabablar, yong‘inning daxshatli asoratlari va yetkazgan talofatlari haqida hikoya qiluvchi videorolik namoyish etildi. Undan so‘ng Yong‘in xavfsizligi xizmati xodimi o‘t o‘chiruvchi moslamalar haqida batafsil ma’lumot berdi va yong‘in paytida xizmat rahbarlarining vazifalari bilan tanishtirib o'tdi.
Respublikamizning barcha shahar va viloyatlarida o‘tkazilayotgan “Yong'in xavfsizligi oyligi” tadbiri O‘zbekiston Milliy kutubxonasida ham qoniqarli tashkil etilgan. Kutubxonaning foyelarida yong‘in xavfsizligi qoidalari va o‘t o'chirish moslamalari haqida ma’lumot beruvchi stendlar o‘rnatilgan. Kutubxona HYoXX xodimlari binodagi yong'indan avtomatik ravishda xabarlov uskunalar, avtomatik ravishda yong‘in o‘chirish qurilmalari, birlamchi yong‘in o‘chirish vositalari, sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yong‘in-larni o‘chirishga mo‘ljallangan ichki va tashqi suv tarmoqlari hamda zahira chiqish yo‘-laklari haqida muntazam tushuntirish ishlarini olib bormoqdalar.