Foydali resurslar
2014 yil 30 oktyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi «O‘zbekiston» o‘quv zalida “INFOLIB-2014” III Milliy axborot-kutubxona haftaligi doirasida “Yaponiyada ta’lim + Almashinuv dasturlari” taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Taqdimotda Nagoyya universiteti vakolatxonasi xodimlari kutubxona foydalanuvchilariga Yaponiyada o‘qish imkoniyatlari, shuningdek Toshkent Davlat yuridik universiteti bilan hamkorligi, u yerda amalga oshirilayotgan o‘qituvchilar va talabalar uchun almashinuv dasturlari va loyihalari haqida so‘zlab berdilar.
Taqdimot davomida Yaponiyada o‘qishga qiziquvchi kutubxona foydalanuvchilariga shu mamlakatda ta’limning o‘ziga xosliklari, Yaponiya oliy o‘quv yurtlariga imtihon topshirayotgan chet elliklarga bo‘lgan talablar va amaldagi Almashinuv dasturlari to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Tinglovchilarga Yaponiya ta’lim tizimi va almashinuv dasturlari to‘g‘risida keng ma’lumot beruvchi bukletlar va flayerlar tarqatildi.
Taqdimot O‘zbekistondagi Nagoyya universiteti vakolatxonasi ko‘magida bo‘lib o‘tdi.