Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi
  • Asosiy so’zlar
  • Kitob muallifi
O‘zbek tiliga Davlat maqomi berilganligining 25 yilligi munosabati bilan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov bilan ijodiy uchrashuv bo'lib o'tdi.

2014 yil 21 oktyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilganining 25 yilligini nishonlash munosabati bilan O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov bilan ijodiy uchrashuv hamda “So‘z latofati” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni shoir Shukur Qurbon kirish so‘zi bilan ochdi va yigilganlarni til bayrami bilan qutladi. 

Tadbirni adabiyotshunos olim, yozuvchi va tarjimon Ibrohim G‘afurov olib borar ekan, yig‘ilganlarni buyuk sana, Mustaqillik ne'matlaridan biri - o‘zbek tiliga “Davlat tili” maqomi berilgan kunning 25 yilligi munosabati bilan muborakbod etdi. Shuningdek, yurtboshimizning "Yuksak ma'naviyat - yengilmas kuch" nomli kitobida “ona tili millatning ruhi va g‘ururi” ekani to‘g‘risida juda ta'sirli, ibratli fikrlar aytilganini va shu nuqtai nazardan ona tilimiz maqomi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganiga urg‘u berdi. 

Sevimli shoirimiz Erkin Vohidov haqida gapirar ekan, uning  davrimizning juda yorqin vakili, ma'naviyatni xalq qalbiga olib kirgan ma'rifatparvar shoir ekanligini ta'kidlab o‘tdi. 

Tadbirda so‘zga chiqqan adib Xurshid Do‘stmuhammad, munaqqid Sultonmurod Olimov, ustoz Saydi Umirov va yozuvchi va noshir Ashurali Jo‘rayev kabi jurnalist va adabiyotshunos olimlar, Respublika Baynalmilal do‘stlik markazi rahbari, shoir Nasriddin Muhammadiyev kabi madaniyat xodimlari o‘zbek tilining bugungi kundagi ahamiyati, uning dolzarb masalalari va ajdodlarimizning o‘zbek tilida yozgan asarlari to‘g‘risida o‘z fikr va mulohazalari bilan o‘rtoqlashdilar.  Shuningdek, O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning ijodi va yangi kitobi haqida fikrlarini bildirdilar.

Akademik Bahodir Nazarov, olim Omonulla Madayev, adabyotshunos olim professor Hamidulla Boltaboyev, shoir Yangiboy Qo‘chqorov, Mahmud Yo‘ldosh, sharqshunoslik instituti xodimi, tadqiqotchi Komiljon Rahimov kabi adabiyotshunos, tarjimon va jurnalist sohalari namoyondalari so‘zga chiqdilar.

“Taqdimoti bo‘lib o‘tayotgan “So‘z latofati” kitobi ham ilmiy, ham badiiy, ham publitsistik asar, - deb ta'rif berdilar Saydi Umirov va - Erkin aka so‘z haqida gapirar ekanlar, o‘z so‘z erkinliklarini bu borada cheklamaydilar. Ayniqsa, menga ularning “gap ko‘p, umr oz”, ya'ni bu bilan ular umr qisqa uni bo‘lar-bo‘lmas gaplarga sarflamaslik kerak”  degan naqllari yoqadi.. “, dem muxtasar qildilar.

“So‘z - zabarjad, So‘z - gavhar, oltin,

Zargarlikning mashaqqati ko‘p.

So‘zni baytga qadashdan oldin

Kaftingga qo‘y, to‘yib qara, o‘p!” - deb so‘z boshladilar Erkin Vohidov.

“Xalqimiz uch jasoratidan biri - ona tilimizga Davlat tili maqomi berilishi deb bilaman. So‘z olamiga sayohat qilar ekanman sizlarga ham Mahmud Qoshg‘ariyning “Devoni lug‘atit-turk” kitobi har biringizning yostig‘ingizning tagida bo‘lsin, deb maslahat bergan bo‘lardim, - dedilar Erkin Vohidov va - men 5-6-sinflarda o‘qib yurganimda tog‘amnikida yashaganman. Ular shoir ulfatlari bilan mashvarat aylab men yozgan she'rlarni o‘zlaricha talqin qilishar va kulishar edi.  Men  ularga o‘z fikrimni uqtirmoqchi bo‘lsam, ular jim o‘tir sen nimani ham bilasan, der edilar. Mana endi men o‘ylaymanki, men ham biron narsani tushunib qolganman va ba'zi so‘zlarga o‘z fikrimni bildirsam bo‘ladigan yoshga yetdim. Kitobning yozilishiga asosiy sabablardan biri shu bo‘lsa ajab emas”, deb yakun yasadilar va bugungi tadbirga kelganlarga minnatdorchilik bildirdilar.

 

Yangi adabiyot va kitoblar
  • Yangi kelgan adabiyotlar (2016 yil 9-11 mart)
  • Yangi kelgan adabiyotlar (2016 yil 29 fevral – 5 mart)




 

natlib.uz Sizga manzurmi




Natijalar