Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi
  • Asosiy so’zlar
  • Kitob muallifi
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan kunning 25 yilligi doirasida “Ona tilim - jon tilim” mavzusida adabiy-badiiy tadbir.

2014 yil 21 oktyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan kunning 25 yilligi doirasida “Ona tilim - jon tilim” mavzusida maktab va kollej o‘quvchilari tayyorlagan adabiy-badiiy tadbir o‘tkazildi.

Shayxontoxur tumanidagi O‘quv davolash kolleji, 59-davlat ixtisoslashgan umumta'lim maktabi va 109-maktab o‘quvchilari  tayyorlagan bu tadbirni ochar ekan, Milliy kutubxonasi bosh muharriri, shoir Shukur Qurbon o‘zbek tilining o‘tmishi va buguni haqida jo‘shib gapirib o’quvchilarga o’z she’rlaridan o’qib berdi.

Tadbirda filologiya fanlari doktori Erkin Oxunjonov toshdagi bitiklardan tortib hozirgi davrga qadar o‘zbek yozuvining tarixi yoritilgan “O‘zbek kitoboti tarixi” kitobi taqdimoti bilan qatnashdi va bugungi tadbirni aynan shu dargohda bu qadar keng nishonlanishiga alohida urg‘u berib o‘tdilar. Tadbirda shuningdek, O‘zbekiston yozuchilar uyushmasi a'zosi, “Hurriyat” gazetasi bosh muharriri, shoir O‘ktam Mirzayor va mazkur gazeta bosh muharriri o‘rinbosari, shoir Abdumajid Azimovlar qatnashdilar.  Jumladan, shoir O‘ktam Mirzayor o‘quvchilarga Qonun qabul qilingan ilk yillarni, o‘zbek tili hayotning hamma sohalariga faol kirib kela boshlaganini, atamashunoslik qo‘mitasi tashkil etilganini, Yozuvchilar uyushmasida har kuni qizg‘in muhokamalar kechganini, yozuvchi-shoirlar shaxsiy tashabbus bilan asarlarida, unutilgan va unuttirilgan so‘zlarni ishlatib, yangi-yangi ifodalar bilan chiqa boshlaganini, xullas, tilning qaddini tiklash bo‘yicha ommaviy bir harakat yuzaga kelganini hotirlab gapirib berdi. “Til o‘z holicha bor bo‘lmaydi, - dedi A. Azimov - u asosan odamlarning og‘zida va so‘ngra yozuvlarda yashaydi, og‘iz va yozuvlarda hayotini davom ettiradi. Agar millat turli sabablar bilan ayrim so‘zlarini unutayotgan bo‘lsa, asta-sekin tilidan tushib qolaversa, o‘rnini begona so‘zlar egallayveradi, bu esa tilning qashshoqlashishga, ba'zan esa o‘lishga olib keladi”.

Musiqiy dastur davraga O‘zbek Tilining kirib kelishi, uning xotiralari va yoshlarga murojaati bilan boshlandi. Tadbirda turli millat vakillari o‘zbek xalqini Til bayrami bilan qutladilar. Shayxontoxur tumanidagi O‘quv davolash kolleji qoshidagi o‘qituvchi N.Umarova rahbarligidagi “Sug‘diyona” folklor ijodiy dastasi qizlari Z.Akbarova, Sh.Maxmatkulova, S.Turobovalar yig‘ilganlarni o‘z raqslari bilan maftun etdilar, Yu.Zoirova chertgan dutor sadolari esa kechaga o‘zgacha ruh bag‘ishladi.

Shundan so‘ng o‘zbek tilini madh etuvchi she'rlar va qo‘shiqlar yangradi. M.Olloberdiyeva, N.Nabiyeva va L.Alladusovalar Vatanni, istiqlolni va o‘zbek tilini tarannum etib yozgan o‘z she'rlarni o‘qib berdilar. She'rxonlikdan so‘ng shoir Shukur Qurbon o‘quvchilarning maqollar borasidagi bilim doirasini tekshirib ular bilan savol-javob tanlovini o‘tkazdilar. Shoir tomonidan berilgan savollarga o‘quvchilar zo‘r qiziqish bilan javob berib o‘z topqirliklarini namoish etdilar. 

Adabiy-badiiy kechada ishtirok etgan faol va topqir o‘quvchilar O‘zbekiston Milliy kutubxonasi esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Yangi adabiyot va kitoblar
  • Yangi kelgan adabiyotlar (2016 yil 9-11 mart)
  • Yangi kelgan adabiyotlar (2016 yil 29 fevral – 5 mart)




 

natlib.uz Sizga manzurmi




Natijalar