Foydali resurslar
Shu kunlarda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi “Qo‘lyozma, nodir va alohida qimmatga ega nashrlar” fondida saqlanayotgan qadimgi va tarixiy kitoblar muzeyida Sharqda me'morchilik san'ati va arxitektura tarixiga bag‘ishlangan ekspozitsiya bo‘lib o‘tmoqda.

Ekspozitsiyadan Sharq arxitektura qurilishlari, me'moriy obidalar, sharqona naqshlar haqida ma'lumot beruvchi, litografik fotosuratlar ilova qilingan taniqli tarixchi, sharqshunos, arxitektor va san'atshunos olimlarning 44 ta kitobi o‘rin olgan.

E.Diez (avstriyalik eronshunos va islom san'ati bo‘yicha sharqshunos-tarixchi olim), Y.Strjigovskiy (Polsha va Avstriya san'atshunosi, Vizantiya san'ati bo‘yicha mutaxassis), O.f.Nidermayer (germaniyalik sharqshunos olim, professor), G.K.Devonshir (islom arxitekturasi bo‘yicha mutaxassis). E.P.D'Aven (fransiyalik sharqshunos-misirshunos olim, yozuvchi, rassom, arxitektor, arxeolog) kabi G‘arb olimlarining ilmiy izlanishlari bilan bir qatorda Tyulyayev S.I.(rossiyalik sharqshunos-filolog, san'atshunoslik fanlari doktori, professor, Javaxarlal Neru mukofoti laureati), Masson M.Ye. (akademik, mashhur O‘zbekiston arxeologi va tarixchi-sharqshunos olimi), Xmelnitskiy S.G.(shoir, arxitektor, arxeolog, sharqshunos va O‘rta Osiyo arxitekturasi tadqiqotchisi, arxitektura yodgorliklarini restavratsiya (qayta tiklash) bo‘yicha mutaxassis), Rempel L.I. (O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, san'atshunoslik fanlari doktori, professor), Krachkovskaya V.A.(sharqshunos, epigrafist, tarix fanlari doktori), Shishkin V.A.(akademik, arxeolog va sharqshunos), Voronina V.L. (O‘rta Osiyo arxitektura fanini ilmiy boyitgan olimlardan), U.Alimov (O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy) kabi rus va o‘zbek olimlarining kitoblari ham taqdim etilgan.

Ekspozitsiyada taqdim etilgan kitoblarda tarixiy-me'moriy obidalar tadqiq qilingan, qadimgi Xuroson, Turkmaniston, Hindiston va boshqa Sharq mamlakatlari hududidagi arxitektura yodgorliklarining chizmasi, ko‘rinishi va devordagi bitiklar haqida ma'lumotlar berilgan.

Ekspozitsiyadan o‘rin olgan ilmiy kitoblarda me'moriy obidalarning yaratilish tarixi, yozma hujjatlari, binoda qo‘llanilgan qurilish ashyolari va badiiy-bezak san'atiga oid ma'lumotlar keltirilgan, arxitektura shakllarining ishlanish tarixi, masjid, minora, madrasa va karvon saroylarning qurilish-arxitektura san'atlari bo‘yicha chizmalar va geometrik tahlillar keltirilgan, me'moriy obidalardagi naqshlarning 20-asr boshlarida olingan fotosuratlari litografiya usulida ilova qilingan.

Bu kitoblarda asosan musulmon xalqlari yashagan hududlardagi diniy-me'moriy obidalar o‘rganilgan. Masalan, Samarqanddagi “Bibi Xonim”, “Ulug‘bek”, “Sherdor” va “Tillakori” me'morchilik yodgorliklari, Hindiston hududida qadimiy inshootlardan to Boburiylar boshqaruvi davrida qurilgan saroy, masjid va boshqa arxitektura obidalarining xususiyatlari haqida ma'lumotlar berilgan.
Kitoblarda Pir Husayn maqbarasi, Sulton Sanjar, To‘rabekxonim, Najmiddin Kubro va boshqa maqbara hamda me'moriy yodgorliklar haqida ma'lumotlar keltirilgan. Ushbu yodgorliklar nafaqat O‘zbekistonning, balki Sharq tarixiy me’morchiligi yodgorliklari hisoblanadi.
Ekspozitsiya o‘z ishini 2014 yil 31 oktyabrgacha davom ettiradi.

