Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi
  • Asosiy so’zlar
  • Kitob muallifi
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “O‘zbekistonda katta yoshlilar ta'limi: islohotlar va istiqbollar” anjumani o‘z ishini yakunladi

2014 yil 25 sentabr kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “O‘zbekistonda katta yoshlilar ta'limi: islohotlar va istiqbollar” anjumani o‘z ishini yakunladi.
Jumladan, katta yoshlilar ta'limi Xalqaro Kengashi Bosh kotibi Katarina Popovich “Xalqaro kontekstda katta yoshlilar ta'limi: bugungi kun ahvoli va ertangi kunga ogohlik” mavzusidagi ma'ruzasida Yevropada savodxonlik, hisoblash ko‘nikmalari va AKT savodxonligi darajasini aniqlash ustida olib borilgan ishlar haqida gapirib berdi va aniq ma'lumotlar keltirdi. Ba'zi mamlakatlarda nafaqat katta yoshlilar ta'limi, balki savodsizlik, gender, demografik va boshqa  muammolar mavjud bo‘lgan bir vaqtda, O‘zbekistonda  katta yoshlilar ta'limi masalasiga qaratilayotgan e'tiborga bugungi nufuzli anjuman misol bo‘la olishini e'tirof etdi. Hattoki bir nechta trenerlar guruhi shakllangani va bu sohadagi istiqboldagi rejalar haqida boshqa davlatlardagi mutaxassislarga o‘rtoqlashish istagini bildirdi.
YUNESKOning hayot davomida ta'lim Instituti katta eksperti Raul Valdes Kotera “Ta'lim olayotgan shaharlar” mavzusidagi ma'ruzasida  bu tushuncha ostida katta yoshlilar ta'limiga katta e'tibor qaratayotgan hududiy birliklar tushunilishi va bu sohada YUNESKO tashkilotining hissasi haqida so‘zlab berdi. Ma'ruzachi, shuningdek, bu borada 2013 yilda Xitoyning Pekin shahrida 23 hamkor mamlakat ishtirokida qabul qilingan 2 muhim hujjat: “Ta'lim olayotgan shaharlar haqida Pekin Deklaratsiyasi” va “Ta'lim olayotgan shaharlar asosiy xarakteristikasi” haqida ma'lumot berdi. Janob Raul Valdes Kotera katta yoshlilar ta'limi masalasida nafaqat ta'lim olish sharoitlari, balki uning sifati ham muhim o‘rin tutishini ta'kidlab o‘tdi va anjumanning barcha ishtirokchilarini 2015 yilda Meksikada bo‘ladigan “Ta'lim olayotgan shaharlar” mavzusidagi konferensiyaga taklif etdi.
Hindistondagi PRIA tashkiloti prezidenti d-r Radjesh Tandon o‘zining “Zamonaviy yoshlar va XXI asr da'vati. Nyu-Deli konferensiyasi natijalari taqdimoti” mavzusidagi ma'ruzasining boshida bobokalonimiz Bobur Mirzoning vataniga kelish imkoniyati tug‘ilganidan bag‘oyat baxtiyorligini izhor etdi. Janob Tandon katta yoshlilar ta'limi masalasida moliyalashtirish muhim o‘rin tutishini eslatib, bunda ko‘proq ko’ngillilarni jalb qilish va internetda ijtimoiy tarmoqlar yordamiga tayanish kerakligi haqida fikr bildirar ekan, bu borada yana bir nozik masala, ya'ni qizlar va ayollar ta'limi masalasini ilgari surdi. Ma'ruzachi Toshkent ko‘chalarida va xususan, shu kutubxonada ko‘plab yoshlar va katta yoshlilarni kitoblar va noutbuklar bilan ko‘rib, O‘zbekistonda bu masalada davlat va nodavlat tashkilotlar samarali faoliyat ko‘rsatayotganini ko‘rib havasi kelganini yashirmadi.
Yalpi majlisdan so‘ng konferensiya ishtirokchilari “Globallashuv davrida katta yoshlilar ta'limi rivojlanishining ahamiyati va o‘ziga xosligi” va “O‘zbekistonda katta yoshlilar ta'limi - rivojlanish istiqbollari” mavzularidagi davra suhbatlarida o‘zlarini qiziqtirgan savollar, takliflar va mulohazalar bilan o‘rtoqlashdilar.
Yakuniy tavsiyalar taqdimoti va tasdig‘idan so‘ng konferensiya o‘z ishini tamomladi.
 

Yangi adabiyot va kitoblar
  • Yangi kelgan adabiyotlar (2016 yil 9-11 mart)
  • Yangi kelgan adabiyotlar (2016 yil 29 fevral – 5 mart)




 

natlib.uz Sizga manzurmi




Natijalar