Foydali resurslar
2014 yil 23 sentyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasining Kichik majlislar zalida mazkur kutubxona nashriyotida chop etilgan kitoblar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Taqdimotda nashriyotimizda dunyo yuzini ko‘rgan adabiy, ilmiy va badiiy asarlar to‘g‘risida muloqot tashkil etilib, unda taniqli adiblar Tohir Malik, Mirpo‘lat Mirzo, Vafo Fayzulloh, Zuhriddin Isomiddinov, Sayyora Bekmirzayeva va Adiba Umirova va boshqa yozuvchilar ishtirok etishdi.Tadbirga Shayxontohur tumani Tibbiyot va Axborot-texnologiyalari kollejlari o‘quvchilari va o‘qituvchilari tashrif buyurdi.
Nashriyot bosh muharriri Shukur Qurbon yig‘ilganlarga mazkur nashriyotda amalga oshirilgan ishlar va kelgusida nashriyot oldiga qo‘ygan rejalari haqidagi fikri bilan o‘rtoqlashdi.
Ma`lumki, nashriyotda chop etilgan kitoblar respublika kitobsevarlari tomonidan e'tirof etilib, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, O‘zbekistonimizning buyuk kelajagi yo‘lidagi ulug‘vor yangilanishlar, zamondoshlarimizning yorqin siymolari aks ettirilgan, yuksak mahorat bilan yozilgan badiiy-publitsistik maqolalar, ocherklar, nasriy va she'riy yo‘nalishdagi eng yaxshi asarlar uchun e'lon qilingan “Vatan uchun yashaylik!” tanlovi natijalariga ko‘ra, bir qancha kitoblar yuksak mukofotga sazovor deb topilgan.
Tadbirda ishtirok etgan yozuvchilar nashriyotda chop etilgan kitoblar to‘g‘risida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi va yoshlar bilan kitob o‘qish madaniyati va mohiyati borasida suhbatlashdi.




