Foydali resurslar
Milliy kutubxonaning kichik majlislar zalida O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi ijodkorlar uyushmasi a'zosi, grafik-rassom Asliddin Kalonov bilan bo‘lib o‘tgan ijodiy uchrashuvda O‘DK (o‘quv davolash kolleji) talabalari va Borovskiy nomidagi Toshkent tibbiyot kolleji o‘quvchilari ishtirok etdilar.
Uchrashuvdan avval tomoshabinlar rassom va uning shogirdlari mo'yqalamiga mansub ko'rgazmani tomosha qildilar.
.jpg)
.jpg)
Uchrashuvni olib borgan shoir va muharrir Shukur Qurbon musavvir Asliddin Kalonov tasavvur olamining o‘ziga xosligi, takrorlanmas asarlari va ularning inson ruhiyatiga ta'siri haqida gapirib berdilar.
.jpg)
Musavvir Asliddin Kalonov tasviriy san'at olamiga 80-yillarda kirib kelgan va o‘z qalamiga ega ijodkorlardan biridir. U avval P.P.Benkov nomidagi Respublika Rassomchilik bilim yurtiga o'qishga kirib, taniqli rassomlar A.V.Li va E.X.Oxunovlardan saboq oldi. Keyinchalik 80-yillarda Toshkent teatr va rassomchilik institutida V.M.Kovinin, S.A.Abdullayev va Q.Basharovlar qo‘lida tahsilni davom ettirdi. Asliddin Kalonovning asarlari respublikamizda va Rossiya, Germaniya, Gollandiya, Angliya, Fransiya, Italiya, AQSH, Kanada va boshqa ko‘pgina chet davlatlarda namoish etilgan.
.jpg)
Asliddin Kalonovning “Adashish”, “Qoqilish”, “Intilish”, “Bolalik ostonasi”, “Ro‘zg‘or”, “Buxoro taassurotlari”, “Aldangan qiz” deb nomlangan falsafiy, lirik-romantik yo‘nalishdagi asarlari tomoshabinni fikrlashga undaydi.
Kollej o‘quvchilari grafikachi-rassom Asliddin Kalonovga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. Kollej o‘qituvchisi N.Xodjayevaning “Har bir kitobga rasm chizishdan avval o‘zingiz o‘qib chiqasizmi?” va o‘quvchi M.Ibrohimovalarning “Birinchi rasmingizni qachon chizgansiz va ota-onangiz qarshi bo‘lishmaganmi?” kabi savollariga berilgan qiziqarli voqealarga boy javoblar hammaga manzur bo‘ldi.
.jpg)
Tadbirda Asliddin Kalonov hozirda saboq berib kelayotgan Kamoliddin Begzod nomidagi Milliy rassomchilik va dizayn instituti talabalari Z.Sobirova va D.Umarovalar o‘z ustozlari haqida gapirib berdilar. Shu o‘rinda Asliddin Kalonov ham yig‘ilganlarga o‘zi faoliyat yuritayotgan kitob grafikasi va miniatyurasi kafedrasi haqida batafsil ma'lumot berdi.
.jpg)
Ijodiy uchrashuv so‘ngida musavvir Asliddin Kalonovga O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nomidan esdalik sovg‘a topshirildi. Tadbirni O‘zMTRK “Ma'naviyat va ma'rifat” kanali suratga oldi.