Foydali resurslar
2-iyul kuni O’zbekiston Milliy Kutubxonasining “Kashfiyot” zalida O‘zbekiston Respublikasining Davlat Gerbi tasdiqlangan kun munosabati bilan kitob-rasmli ko‘rgazma tashkil qilindi.
Istiqlolga erishgach, mamlakatimiz ham o‘z davlat ramzlariga ega bo‘ldi. Bugun O‘zbekiston o‘z Bayrog‘i, Gerbi, Madhiyasi va Valyutasiga ega.
Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 1992-yil 2-iyulda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi to‘g‘risida”gi tarixiy qonunda belgilanganidek, Davlat gerbi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni, Oliy Majlis palatalari, Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar, hokimliklar, qo‘mitalar, davlat hokimiyati va boshqaruvi idoralari binolari, chet ellardagi mamlakatimiz diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarining peshtoqida o‘rnatilgan. Respublikamiz davlat chegaralaridagi Davlat gerbi barchamizga g‘urur-iftixor bag‘ishlaydi. Vatan ostonasidagi davlatimiz ramzini ko‘rib, beixtiyor qalbimiz entikadi, muqaddas zaminimizga bo‘lgan mehr-muhabbatimiz yanada oshadi.
.jpg)
Davlat gerbi tasviri har birimizning mana shu saxovatli zamin farzandi, ushbu ozod yurt fuqarosi ekanimizni tasdiqlovchi fuqarolik pasportida ham aks ettirilgan.
“O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida”gi qonunda mamlakatimiz fuqarolari, shuningdek, O‘zbekistonda istiqomat qiladigan barcha shaxslar davlatimiz gerbini hurmat qilishlari shart ekani belgilab qo‘yilgan.
Davlatimiz gerbida xalqimizning tarixi, buguni va kelajagi o‘z aksini topgan. Unda tasvirlangan gullagan vodiy uzra nur sochayotgan oftob serquyosh yurtimizga, undagi obod manzillarga ishora. Baland tog‘lar oralab oqayotgan daryolar – hayot boqiyligi timsoli bo‘lsa, gerbning so‘l tomonidagi bug‘doy boshoqlari xalqimizning rizq-ro‘zi butunligidan, o‘ng tomonidagi qiyg‘os ochilgan g‘o‘za ifodalangan chambar xalqimizning oppoq orzulari, ezgu niyatlaridan dalolatdir. Gerbning yuqori qismida elu yurtimiz jipsligining ramzi sifatida sakkiz qirrali yulduz tasvirlangan.
Mustaqil Vatanimizning Davlat gerbi ulkan g‘oyaviy-tarbiyaviy ahamiyatga molik timsol sifatida barchamiz uchun qadrli va muqaddasdir.
.jpg)